Yangiliklar

Tarix fakultetida “Reproduktiv salomatlik va sog‘lom oilani shakllantirish” mavzusi tadbir o‘tkazildi


Qo‘qon shahar kasalxonasi o‘smirlar bo‘limi  shifokori Azimova Manzuraxon va Ro‘ziyeva Gulnozaxon, QDPI tibbiyot xonasi shifokori Saidova Hakimaxon, hamshirasi Turg‘unova Ziyodaxon, fakultet murabbiylar kengashi raisi Rahimova Gulchehraxon, 53 nafar tarix fakulteti talaba qizlari ishtirokida tadbir o‘tkazildi.

Tadbir tarix fakulteti YOBIB dekan o‘rinbosari Z.Hamroqulov tomonidan ochildi va u mehmonlarni talabalarga tanishtirdi. Bugungi tadbirdan ko‘zlangan maqsad - Reproduktiv salomatlik va sog‘lom oilani shakllantirish masalasiga to‘xtalib, uning oilalarni mustahkamlashdagi muhim o‘rniga  e’tiborni qaratdi.  Shuningdek, QDPI shifokorlariga murojaat qilish va uning tartiblari to‘g‘risida zaruriy ma’lumotlarni talaba qizlarga etkazdi.

Fakultet murabbiylar kengashi raisi Rahimova Gulchehraxon tadbirni davom ettirib, talabalarni shifokorlarga murojaat qilishlari va o‘zlarini qiziqtirgan muammolar bo‘yicha savollar berish kerakligini, zotan shifokorlar zaruriy ko‘rsatmalarni bera olishlari mumkinligini eslatdi. So‘z navbatini QDPI tibbiyot xonasi shifokori Saidova Hakimaxonga berdi.



QDPI tibbiyot xonasi shifokori hozirgi davrda reproduktiv salomatlik va sog‘lom oilani ta’minlash asoslari va bunda xotin-qizlarimizning zimmasiga katta mas’uliyat tushishi, zero ular nafaqat oila a’zosi, balki  ona bo‘lishlari, bolalarning sog‘lom voyaga etishlari birinchi navbatda onaning mehnatlari samarasi bo‘lishini alohida ta’kidladi. Asosan ayol va qizlar salomatligi bilan bog‘liq masalalar haqida so‘z yuritdi.

QDPI tibbiyot xonasi hamshirasi Turg‘unova Ziyodaxon oilada ayollar va qizlar bilishi lozim bo‘lgan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish masalalari haqida gapirib, har bir xotin-qiz, amal qilishi kerak bo‘lgan talablar haqida tushuntirishlar berdi.



Qo‘qon shahar kasalxonasi o‘smirlar bo‘limi akusher-ginekologi Azimova Manzuraxon erta turmush qurish va uning salbiy oqibatlari masalasiga to‘xtalib, barvaqt xomiladorlik va uning asoratli oqibatlaridan ehtiyot bo‘lishlari lozimligi masalalari haqida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng talabalarning savollariga javob berildi.

Tadbir qiziqarli  va samimiy ruhda o‘tdi. Tadbir so‘ngida fakultet murabbiylar kengashi raisi Rahimova Gulchehraxon mehmonlarga minnatdorchilik bildirib, tadbirni yopiq deb e’lon qildi.