Yangiliklar

Qo`qon davlat pedagogika instituti jamoasining institutda faoliyat olib borayotgan ayol professor-o`qituvchilar ishchi xodimlar va talaba qizlarga bayram tabrigi

Ayol zotini latofati va nazokati, muhabbat va sadoqati, onalik mehri bilan Yaratganning tengsiz mo`jizasi deyish mumkin.

Darhaqiqat, ayol zoti har qancha ta’rifu tahsinga loyiq. Siz, aziz ayollar sha’niga bag`ishlab yuzlab san’at asarlari yaratilsa, qo`shiq va qasidalar bastalansa, yuzlab Tojmaxallar qurilsa-da, oz.

Bugun yurtimizdagi barcha soxalarda qo`lga kiritilayotgan ulkan yutuq va marralarni sarhisob qilsak, bunda xotin-qizlarning o`ziga xos o`rni borligini mamnuniyat bilan ta’kidlash mumkin. Shu jumladan, institutimizda qo`lga kiritilayotgan barcha yutuq va g`alabalarimizda, farzandlarimizga ta’lim-tarbiya berishda hamda yuksak marralarni egallashda professor-o`qituvchilari tarkibida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarimiz faol qatnashmoqdalar.

Ayollarimiz jamoamizda, xonadonlarimizda, mahallalarimizda hamda butun yurtimizda har doim o`zaro hurmat va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitining, ta’bir joiz bo`lsa, hayot o`chog`ining eng kuchli posboni bo`lib kelgan va bugun ham ana shunday fazilatlari bilan insonni inson, oilani oila qilib kelmoqda, desak, adashmaymiz.

Barchangizni go`zallik, bahor va nafosat ayyomi – 8 mart bayrami bilan qutlab, Sizlarga sihat-salomatlik, uzoq umr, oilalaringizga baxt-saodat, farzandlar baxtu kamolini ko`rishlik nasib etishini, pedagogik faoliyatingiz va o`qishlaringizda muvaffaqiyatlar tilaymiz!

Bayramingiz muborak bo`lsin, aziz ayol professor-o`qituvchilar, ishchi xodimlar hamda talaba qizlar!