Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o`qishga qabul qilish tartibi to`g`risida

 NIZOM

1 bob. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom “Ta`lim to`g`risida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o`qishga qabul qilish tartibini belgilaydi. Ushbu Nizom harbiy ta`lim muassasalariga tadbiq etilmaydi. 2. Oliy ta`lim muassasalari qabulni O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan davlat grantlari va to`lov-kontrakt asosida qabul kvotalariga muvofiq amalga oshiradilar. 3. Oliy ta`lim muassasalariga talabalarni qabul qilish O`zbekiston Respublikasi ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi (keyingi o`rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan test sinovlari natijalariga ko`ra to`plangan ballarning reyting tizimi bo`yicha amalga oshiriladi. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan to`lov-kontrakt asosida qabul kvotalari doirasida hamda qabul kvotalaridan tashqari abituriyentlarni o`qishga qabul qilish Davlat komissiyasi tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Oliy ta`lim muassasalariga qabul barcha uchun (ham grantlar, ham to`lov- kontrakt bo`yicha) teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to`plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo`yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta`minlanadi. Qolgan abituriyentlar test ballari reytingi asosida belgilangan to`lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar. Tanlov har bir oliy ta`lim muassasasi bo`yicha ta`lim yo`nalishlari, o`qitish tillari va shakllariga ko`ra alohida o`tkaziladi.

Yuklab olish